Andijon davlat chet tillari institutida “She’riy battle” loyihasining birinchi mavsumi o‘z yakuniga yetdi.

 Andijon davlat chet tillari institutida faol va koʻngilli talaba-yoshlaridan iborat “Anis Team” jamoasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ijodiy bellashuv — “She’riy battle” loyihasining ilk mavsumi final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha institut talabalari orasida so‘z san’ati, badiiy tafakkur va ijodiy mahoratni yuzaga chiqarish, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni keng jamoatchilikka tanitish maqsadida tashkil etildi.

 Final bosqichida 3 nafar ijodkor talabalar — Mutallibova Zahroxon, Umarova Ominaxon va Xoshimjonova Ruxshonabonu bellashuv sahnasiga chiqib, quyidagi shartlarda o‘z iste’dodlarini namoyish etdilar:

 Vatan mavzusi — yurtga muhabbat va sadoqat haqida samimiy satrlar;
 Ustoz mavzusi — ilm va tarbiya yo‘lida yo‘lchi yulduz bo‘lgan ustozlarga bag‘ishlangan she’rlar;
 Erkin mavzu — ijodkor qalbidagi cheksiz ilhom va erkin fikr parvozlari.

Chiqishlar davomida talabalarning mahorati, tuyg‘u va samimiyatga boy misralari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

 Bellashuv yakunida hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:

 1-o‘rin — Mutallibova Zahroxon;
 2-o‘rin — Umarova Ominaxon;
 3-o‘rin — Xoshimjonova Ruxshonabonu.

 

 G‘olib hamda sovrindorlar institut rektori imzosi bilan maxsus diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, loyihani tashabbuskorlik va fidoyilik bilan amalga oshirgan “Anis Team” jamoasi Loyihalar menejeri Nurshoda Latifova ham tashakkurnoma va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Tadbirda institut rahbariyati vakillari, jumladan, Rektorning axborot va siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Matbuot xizmati rahbari A.Yunusov hamda Umumiy va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) G.Holisova ishtirok etib, ishtirokchilar chiqishlarini baholab bordilar hamda loyihaning ijodiy va tarbiyaviy ahamiyatini haqida fikrlar bildirdilar.

 “She’riy battle” loyihasining birinchi mavsumi institutda ijodiy muhitni yanada boyitdi va talabalarning adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirdi.

 Kuting! Tez orada ushbu loyihaning ikkinchi mavsumi ham start olishi rejalashtirilgan.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content