INSTITUT REKTORI 1-BOSQICH TALABALARI BILAN OCHIQ MULOQOT QILDI

 Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov Ingliz tili va adabiyoti fakultetining 1-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

 Uchrashuvning asosiy maqsadi – yangi o‘quv yilida institut safiga qabul qilingan yoshlarni yaqindan tanishish, ularning dastlabki taassurotlari, orzu-intilishlari va ta’limga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Rektor Dilshodbek Abduvahidovich suhbat davomida talabalarning ilk o‘quv oylari haqidagi fikrlarini tinglab, ularning yangi muhitga moslashish jarayoni, darslarga qatnashish intilishi, o‘qituvchilar bilan muloqoti va talabalik hayotiga kirishish bosqichi haqida qiziqdi.

 Shuningdek, rektor talabalarga mustaqil fikrlash, o‘z ustida muntazam ishlash, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish va global mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanish zarurligini uqtirdi.

Dilshodbek Abduvahidovich, shuningdek, institutda yaratilayotgan keng imkoniyatlar — zamonaviy o‘quv jarayoni, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik dasturlari, turli tanlovlar va ilmiy-amaliy loyihalar haqida ham ma’lumot berdi. U yoshlarni faol, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lishga chorlab, ularga muvaffaqiyat tiladi.

 Uchrashuv jarayonida talabalar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, o‘qish jarayoni, darslar sifati, kutubxona va laboratoriya sharoitlari haqidagi takliflarini aytishdi.

 Mazkur uchrashuv nafaqat samimiy muloqot ruhida o‘tdi, balki talabalarda o‘qishga bo‘lgan qiziqish, ishonch va mas’uliyatni yanada oshirdi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content