
Andijon davlat chet tillari institutining 8 nafar talabasi Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida o‘tkazilayotgan yozgi oromgoh dasturida faol ishtirok etishda davom etmoqda. Dastur doirasida talabalar nafaqat ta’limiy jarayonlarda, balki madaniy va amaliy tajriba almashish imkoniyatlarida ham qatnashmoqda.
Shanxayda bo‘lib turgan talabamiz Maftuna Abdumalikova soʻnggi kunlardagi o‘z taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, shunday dedi: “Biz talabalar 3 ta mehmonxonada bo‘ldik, u yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Har birida biz uchun trening darslar tashkil etildi, tajribali mutaxassislar amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. Bu yerda o‘tgan har bir kun biz uchun yangilik va saboqlarga boy bo‘lmoqda”.
Maftuna, shuningdek, xorijda bir oydan ortiq vaqt davomida bo‘lish o‘zig a xos taassurotlar qoldirayotganini ta’kidladi: “Bir oydan ortiq vaqt davomida musofirlikda bo‘lish, oila va yaqinlardan uzoqda yashash oson emas. Ammo bu davr ichida mustaqillikka o‘rganish, yangi muhitga moslashish va o‘z ustimizda ishlashni o‘rgandik. Bu safar nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba ham berdi. Bunday sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgani uchun institutimiz rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov hamda barcha katta minnatdorchilik bildiramiz,” — deya fikr bildirdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur treninglar davomida turli sohalardagi mutaxassislar tomonidan zamonaviy xizmat ko‘rsatish, mehmonxona boshqaruvi, xalqaro muloqot madaniyati kabi yo‘nalishlarda amaliy darslar tashkil etilgan. Talabalar o‘z bilimlarini bevosita amaliy muhitda sinab ko‘rish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda yangi kasbiy ko‘nikmalarni egallash imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Mazkur safar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, yoshlarimizning dunyoqarashini kengaytirishga va ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati