
2025-yil 7-avgust kuni Andijon davlat chet tillari institutida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida “Kelajak uchun g‘oyalar va imkoniyatlar: yoshlarda innovatsion fikrlashni shakllantirish” mavzusida onlayn seminar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan ushbu 30 daqiqalik interaktiv seminar yoshlar orasida startap madaniyatini rivojlantirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish hamda amaliy bilim almashish maqsadida o‘tkazildi.
Seminarda spiker sifatida ishtirok etgan Sherboyeva Gullola Maqsudjon qizi – Yoshlar akademiyasi a’zosi, “Startup Booster” loyihasi ishtirokchisi, InnoX akselerator dasturining 6-mavsum bitiruvchisi – o‘zining startap yo‘li, duch kelgan muammolar, muvaffaqiyatli g‘oyalar va jamoa bilan ishlash bo‘yicha tajribalari bilan bo‘lishdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar innovatsion fikrlashning asosiy tamoyillari, startap loyihalarni shakllantirish bosqichlari, bozorni tahlil qilish va investorlar bilan ishlash kabi muhim jihatlar bilan tanishishdi. Tadbir savol-javoblar bilan yanada jonlandi va tinglovchilarning faol ishtiroki seminar mazmunini boyitdi.
Mazkur onlayn seminar yoshlarda kreativ fikrlash, tadbirkorlik salohiyatini oshirish va real tajriba asosida o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati