«XonCinema» – Ochiq osmon ostidagi kinoteatr ochildi!

Andijon davlat chet tillari instituti tashabbusi bilan «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasida Xonobod shahridagi institutga qarashli oromgoh hududida ilk bor “XonCinema” nomli ochiq osmon ostidagi kinoteatr tashkil qilindi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – viloyat aholisi hamda Xonobod shahriga tashrif buyuruvchi turistlarning vaqtini mazmunli tashkil qilish, ularni badiiy va hujjatli filmlar orqali ma’naviy-ma’rifiy qarashlarini rivojlantirishdir.

 2025-yil 5-avgust kuni yangi kinoteatrning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rahbariyati bilan bir qatorda Xonobod shahar hokimi Xolmirzayev Elyorbek Rafiqovich, shahar prokurori, Ichki ishlar bo‘limi va DSI boshliqlari, viloyatdagi nufuzli OAV vakillari, taniqli blogerlar, shuningdek, jamoatchilik faollari ham ishtirok etdilar.

 Marosimni institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov hamda Xonobod shahar hokimi Elyorbek Rafiqovich Xolmirzayev ochib berib, ushbu kinoteatr aholining ijodiy dunyoqarashini boyitish, badiiy didini shakllantirish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

🛋 Ochiq osmon ostidagi zamonaviy “XonCinema” kinoteatri:

Ulkan ekran;

Yumshoq, qulay o‘rindiqlar;

Kuchli va sifatli audio-texnik tizim bilan jihozlangan bo‘lib, kechki paytlarda tashkil etiladigan seanslar orqali tomoshabinlarga yuqori sifatli kinoijod mahsulotlarini taqdim etadi.

 Tadbir davomida mehmonlar uchun maxsus kino namoyishi ham uyushtirildi. Yoritilgan tun, qulay sharoit, musaffo havo va kino olami uyg‘unligi barchada unutilmas taassurot qoldirdi.

Mazkur loyiha yoshlar orasida kino madaniyatini rivojlantirish, ommaviy madaniy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy muhit yaratish yo‘lida yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content