28
Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga qilayotgan xizmat safari davomidagi soʻnggi muhim uchrashuv Yi Jia Yi Education Group ta’lim tashkiloti bilan Urumqi shahrida bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashkilot Xitoyda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, talabalar almashinuvini tashkil etish, chet elga o‘qishga chiqayotgan yoshlar uchun yo‘nalishlar belgilash bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv nihoyasida institutimiz va Yi Jia Yi Education Group o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar:
Andijon davlat chet tillari institutining navbatdagi vakolatxonasi tashkil etildi.
Endilikda Urumqi shahrida ham ADCHTI vakolatxonasi rasmiy faoliyat yurita boshladi. Mazkur vakolatxona orqali institutimiz manfaatlari Xitoyda ilgari suriladi, abituriyentlar bilan ishlash, maslahat berish, hujjatlarni qabul qilish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Xitoylik yoshlar institutimizga o‘qishga yo‘naltiriladi.
Yi Jia Yi Education Group bilan erishilgan kelishuv asosida Xitoylik abituriyentlar ADCHTIga tayyorlov kurslari, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun yuboriladi. Bu esa institutimizning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
2+2 qo‘shma dasturini amalga oshirish.
Endilikda institutimiz talabalari Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida “2+2” shaklida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya’ni, talaba dastlabki ikki yilni Andijonda, qolgan ikki yilni Xitoydagi hamkor universitetda o‘qib, ikki tomonlama diplom oladi. Bu esa yoshlarimizga xalqaro ta’lim tajribasini chuqur o‘zlashtirish imkonini beradi.
Mazkur tashrif va erishilgan kelishuvlar Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro hamkorlik strategiyasida muhim qadam bo‘lib, institutimizni Markaziy Osiyodagi yetakchi xalqaro til va ta’lim markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida asosli harakat bo‘lib xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati