
Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov bugun – 2025-yil 25-iyul kuni institutda “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida institutda tashkil qilinib, faoliyat yuritayotgan bepul chet tili kurslari jarayoni bilan bevosita tanishdi.
Tashrif davomida rektor D.Rustamov ingliz, rus, koreys, nemis va xitoy tillariga ixtisoslashgan 10 ga yaqin o‘quv guruhlariga kirib, mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, ustozlar va kurs ishtirokchilari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Darslarning sifati, o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishi, o‘quv metodik materiallar bilan ta’minlanish holati hamda mavjud sharoitlar yuzasidan fikr almashildi. Rektor tinglovchilarning til o‘rganishdagi shaxsiy tajribalari, muammo va takliflarini tinglab, bu borada mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuv yakunida rektor bunday tashabbuslar yoshlarning bilimga chanqoqligini oshirish, zamonaviy chet tillarini o‘zlashtirish orqali ularga yangi imkoniyat eshiklarini ochish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mazkur tashrif talaba va tinglovchilar orasida katta ruhiy ko‘tarinkilik, ustozlar orasida esa qo‘llab-quvvatlovchi turtki sifatida qabul qilindi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati