CHIN INSONIYLIK ULUG‘LANGAN ON: ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTIDA IIB XODIMASINING EZGU AMALI EʼTIBORDAN CHETDA QOLMADI

Mana 10 kundan buyon Andijon davlat chet tillari institutida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boʻlib oʻtmoqda. Jarayon tartibli, shaffof va insonparvarlik ruhida o‘tkazilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Aynan mana shunday muhim va masʼuliyatli paytda bir insoniylik namunasi barchaning e’tiborini tortdi.

Kirish imtihonlari davomida xizmat vazifasini bajarayotgan Ichki ishlar boshqarmasi xodimasi — Andijon shahar bo‘yicha IIOFMB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologi Mazlumaxon Qodirjonovna Abdurahmonova o‘z kasbiga sadoqat, o‘zga dardiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarni amalda ko‘rsatdi.

Imtihonga kelgan yosh ona test ishlayotgan vaqtda, uning emizikli chaqalog‘i qorni ochligi sabab hech kimni tan olmay, yig‘lab tinchimay qo‘ydi. O‘sha vaqtda vaziyatga befarq qarab bo‘lmasligini anglagan Mazlumaxon Qodirjonovna imtihon masʼullari hamrohligida chaqaloqni onasining oldiga olib kirib, imtihon zali tashqarisida bir muddat onasining bag‘rida qornini to‘ydirib, tinchlantirib chiqqan. Bu holat guvohlarining qalblarda iliqlik uygʻotdi.

Ushbu ezgu, insonparvarlikka asoslangan xatti-harakat institut rahbariyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. Institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.Kurbanov boshchiligida o‘tkazilgan samimiy tadbirda xodimaning hamkasblari, viloyat IIBdan rahbarlari ishtirokida Mazlumaxon Qodirjonovnaning oila va jamiyatga sodiqlik, mehnatga vijdonan yondashuv borasidagi namuna bo‘lgan xizmati munosib taqdirlandi.

Tadbir davomida unga institut rektori nomidan maxsus Tashakkurnoma, esdalik sovgʻalari, guldasta va ishonch-e’tibor ifodasi bo‘lgan iliq minnatdorchilik so‘zlari tantanali ravishda topshirildi. Unda nafaqat davlat xizmatchisining, balki mehrli inson, ona, opa va farzand sifatidagi yuksak qadriyatlar qadrlangani alohida ta’kidlandi.

Bu voqea yana bir bor isbotladiki, insoniylik, rahm-shafqat va mehr-oqibat qayerda boʻlmasin, chin dildan bo‘lsa – u yuksak qadrlanadi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content