BITIRUVCHILARGA DIPLOM TOPSHIRISH MAROSIMI BOʻLIB OʻTDI

2024–2025-o‘quv yili yakuni munosabati bilan Andijon davlat chet tillari institutida diplom topshirish marosimlari davom etmoqda. Bugun Ingliz tili va adabiyoti fakultetining bakalavriat bosqichi bitiruvchilari uchun alohida diplom topshirish marosimi tashkil qilindi.

Tadbirni fakultet dekani K.Karimov ochib berib, bitiruvchilarga samimiy tabrik va tilaklarni bildirdi. U o‘z nutqida bitiruvchilarni hayotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganligi bilan muborakbod etib, ustozlarning mehnati, ota-onalarning yordami va talabalarning intilishi bilan erishilgan bugungi yutuq ulkan mas’uliyat yuklashini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamovning bitiruvchilar uchun yo‘llagan samimiy tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda yoshlarga kelajak faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam iroda, fidoyilik va Vatanga sadoqat tilab, ularning zamonaviy bilimlar, xorijiy tillar va madaniyatlar asosida xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishayotganliklari faxr bilan ta’kidlandi.

Marosim davomida bitiruvchilarga namunaviy diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Bitiruvchilar va ularning ota-onalari fakultet jamoasiga chuqur minnatdorlik bildirar ekanlar, bu dargohda o‘tgan yillar ularning hayotida unutilmas sahifalar bo‘lib qolishini e’tirof etdilar.

Tadbir davomida talabalarning ijodiy chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar, tilak va tabriklar tantanaga bayramona ruh bag‘ishladi.

Shu bilan joriy yilgi barcha – 25 nafar magistratura hamda 785 nafar bakalavriat bosqichi bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplomlarni topshirish marosimlari oʻz nihoyasiga yetdi!

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content