INSTITUT REKTORI YANGI TALABALAR TURAR JOYI QURILISH JARAYONI BILAN TANISHDI

Bugun – 21.07.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov institut Talabalar turar joyida bo‘lib, u yerda qurilayotgan yangi binodagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur yangi turar joy binosi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan bo‘lib, unda zamonaviy sharoitlar, energiya tejamkor tizimlar va talabalarning qulay yashashi uchun barcha infratuzilma imkoniyatlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif davomida rektor qurilish jarayonini joyida o‘rgandi, bunyodkorlik ishlari bo‘yicha mas’ullar bilan suhbatlar o‘tkazdi hamda amalga oshirilayotgan ishlarning sifat darajasi, belgilangan muddatlarga muvofiqligi, mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan kerakli ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi.

Shuningdek, institut rahbari yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida mazkur binoni foydalanishga topshirish rejalashtirilganini alohida ta’kidlab, bu loyiha talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlarning yanada yaxshilanishiga xizmat qilishini bildirdi.

Qayd etish joizki, yangi Talabalar turar joyi nafaqat yashash, balki o‘quvdan bo‘sh vaqtda samarali dam olish, intellektual va ijodiy salohiyatni rivojlantirish imkonini beruvchi muhitni shakllantirishga qaratilgan.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content