
Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda. Institut rahbariyati vakillari E.Kurbanov va M.Xoshimov boshchiligidagi delegatsiya navbatdagi tashrifini Hangzhou shahridagi nufuzli ta’lim maskani – Hangzhou International High School (Xanjo Yutsay xalqaro oliy maktabi)ga amalga oshirdi.
Mazkur xalqaro oliy maktab – Xitoydagi ilg‘or ta’lim metodikalari, xalqaro o‘quv dasturlari va tajribali pedagoglar bilan ajralib turadigan muassasa bo‘lib, turli mamlakatlardan kelgan o‘quvchilarga zamonaviy bilim berib kelmoqda. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash masalalari yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi:
Xalqaro umumiy o‘rta ta’lim sohasida tajriba almashish – O‘zbekiston va Xitoy o‘rta ta’lim tizimi o‘rtasida o‘quv-uslubiy tajribalarni almashish, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama tashriflar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Bo‘lajak abituriyentlar uchun institutimizga yo‘naltirilgan tayyorlov dasturlarini joriy etish – Hangzhou International High School o‘quvchilari orasidan iqtidorli yoshlarni Andijon davlat chet tillari institutiga o‘qishga yo‘naltirish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish kelishib olindi.
Til va madaniyat almashuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish – Har ikki ta’lim muassasasi o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli til o‘rgatish va madaniy almashinuv dasturlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali yosh avlodning xalqaro ko‘nikmalari kengayib, madaniyatlararo muloqotga yo‘l ochiladi.
Mazkur hamkorlik nafaqat institutimiz xalqaro aloqalarini kengaytiradi, balki xorijiy mamlakatlar yoshlari orasida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi va madaniyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Delegatsiyaning Xitoydagi safari davomida boshqa ta’lim muassasalari bilan ham kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati