INSTITUT REKTORI BULOQBOSHILIK YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

Xabaringiz bor, yurtimizda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, hayotda munosib o‘rin egallashlariga amaliy ko‘maklashishdan iboratdir. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir rahbar va mutasaddi o‘z hududidagi yoshlar bilan bevosita ishlashi, ularning muammolarini o‘rganib, tizimli tarzda yechim topishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Ana shu maqsadga muvofiq, joriy yilning 9-iyul kuni Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov Buloqboshi tumanidan o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdi. Samimiy va ochiq muloqot shaklida o‘tgan suhbat davomida rektor yoshlarni qiynab kelayotgan dolzarb masalalarni chuqur o‘rgandi, ularning fikr va takliflarini tingladi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bugun yoshlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularning har bir istak va muammolariga mas’uliyat bilan yondashish — davlat siyosatining ustuvor tamoyiliga aylangan. Dilshodbek Abduvahidovich o‘z nutqida bu kabi uchrashuvlar nafaqat yoshlar bilan yaqindan tanishish, balki ularning hayotiy rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishning samarali usuli ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunar o‘rganishlari, ilm olishlari, tashabbuskor va faol bo‘lishlari uchun institut tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy yordam yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni yurt taraqqiyotiga daxldorlik ruhida tarbiyalash, vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Yoshlar o‘z navbatida rektorga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, yangi taklif va tashabbuslarini ilgari surishdi. Uchrashuv yakunida barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, har bir murojaat bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Mazkur uchrashuv institut jamoasining yoshlar bilan ishlashdagi mas’uliyatini yanada oshirib, yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini amalda yanada samarali ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content