
Andijon viloyatidagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalarining faol talabalari uchun «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasida Andijon davlat chet tillari institutining Xonobod shahrida joylashgan “Turizm laboratoriyasi” hududida uch kunlik oromgoh tashkil etildi.
Bugun ushbu oromgohda “Andijon talaba-yoshlari: Yangi O‘zbekistonni birga quramiz!” shiori ostidagi Talabalar yozgi festivali o‘z ishini rasmiy ravishda boshladi. Festival doirasida talabalar dastlab Andijon davlat chet tillari institutida jamlanib, u yerda tashkiliy yig‘ilish va yo‘lga chiqish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar maxsus transportlarda Xonobod shahriga yo‘l oldilar.
Festival dasturiga talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jamoaviy ishlarga jalb etish, vatanparvarlik, liderlik va ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan turli mavzudagi seminar-treninglar, davra suhbatlari, sport musobaqalari hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar kiritilgan.
Hozirda oromgoh hududida talabalar uchun dastlabki tanishuv mashg‘ulotlari va jamoaviy faoliyat turlari olib borilmoqda. Festival davomida Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘zaro tajriba almashish, yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda mintaqada yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati