
Bugun 27.06.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida 27-iyun – Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan ushbu sohada samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori D.A.Rustamov ochib berdi. U o‘z nutqida axborot maydonida tezkor, aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan chiqish qilayotgan institut matbuot sohasi vakillarining mas’uliyatli va fidokorona faoliyatini alohida e’tirof etdi hamda barchani bayram bilan tabrikladi.
Taqdirlash marosimi davomida institut rahbari tomonidan matbuot va ommaviy axborot yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan barcha xodimlarga institut rektorining “Tashakkurnoma” va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birga, ularning mehnatini qadrlash maqsadida moddiy rag‘batlantirishlar ham e’lon qilindi.
Alohida ta’kidlash joizki, institut Matbuot xizmatida faoliyat olib borayotgan iqtidorli talaba-yoshlar ham bu e’tibordan chetda qolmadi. Ularning har biri ushbu yo‘nalishda ko‘rsatgan tashabbusi, ijodiy yondashuvi va samarali mehnati uchun stipendiyaning 3 barobari miqdorida moddiy mukofot bilan taqdirlandi.
Mazkur marosim institutda matbuot faoliyatiga bo‘lgan yuksak e’tibor va ishonchning yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu kabi rag‘batlantirishlar yoshlar orasida axborot madaniyatini shakllantirishda, ijtimoiy faollikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
🏛 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati