INSTITUT MATBUOT XIZMATIGA MAXSUS “TASHAKKURNOMA” TOPSHIRILDI

27-iyun – Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Andijon davlat chet tillari instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor D.A.Rustamov institut Matbuot xizmatining fidokorona mehnatini yuksak qadrlab, jamoani maxsus “Tashakkurnoma” bilan taqdirladi.

Mazkur Tashakkurnoma oddiy bir rasmiy hujjat emas – balki matbuot sohasidagi fidoyilik, sadoqat va g‘ayratning e’tirofi sifatida maxsus tayyorlandi. Unda institut rahbariyati tomonidan jamoaning bugungi zamonaviy, tezkor va professional axborot siyosatini shakllantirishdagi xizmatlari alohida ta’kidlangan.

Institut matbuot xizmati jamoasini shakllantirayotgan rahbar – Abdushukur Yunusov boshchiligidagi bu yosh va iqtidorli jamoa safida asosan talaba-yoshlar faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri institut hayotini yoritishda nafaqat ijodiy, balki tashkiliy va texnik jihatdan ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Taqdim etilgan Tashakkurnoma – institutda matbuot va axborot sohasiga bo‘lgan alohida e’tibor, hurmat va ishonchning ifodasidir. Bu e’tibor jamoani yanada ruhlantirdi, yangi marralar sari ilhomlantirdi.

Shubhasiz, bu yuksak e’tirof matbuot xizmati uchun nafaqat faxr, balki yanada mas’uliyatli va chuqur izlanishga undovchi yangi bosqichning boshlanishidir.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content