
Joriy hafta davomida Pekin chet tillari universiteti professor-o‘qituvchilari — professor Yuan Jen Xua va professor Yuan Yue Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurdilar.
Tashrifdan asosiy maqsad — institutda Xalqaro Konfutsiy institutini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar, ilmiy va madaniy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Muzokaralar davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, xitoy tilini o‘qitish sifatini oshirish, madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va Xalqaro Konfutsiy institutini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy va huquqiy masalalar keng muhokama qilindi.
Uchrashuv institutning rahbariyati, tegishli kafedra mudirlari hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro fikr almashar ekanlar, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.