YANGI TASHABBUS: XODIMLAR FARZANDLARI UCHUN BEPUL TIL KURSLARI

Andijon davlat chet tillari institutida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida navbatdagi muhim tashabbusga qo‘l urildi. Bugundan boshlab institutda faoliyat yuritayotgan rahbar va ishchi xodimlar, professor-o‘qituvchilarning umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan, ayni paytda yozgi ta’til davrida bo‘lgan farzandlari, nabiralari boʻlgan o‘quvchi-yoshlar uchun bepul til kurslariga rasmiy start berildi.

Mazkur tashabbus maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini oshirish va erta yoshdan til o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida yo‘lga qo‘yildi. Kurslar doirasida o‘quvchilarga ingliz, rus, nemis, koreys kabi xorijiy tillarning boshlang‘ich bilimlari interaktiv usullar asosida o‘rgatiladi.

Dars mashg‘ulotlari institutning tajribali o‘qituvchilari, yosh mutaxassislar hamda ko‘ngilli talabalar tomonidan olib boriladi. Mashg‘ulotlar zamonaviy o‘quv metodikasi, o‘yinlar, suhbatlar, video materiallar orqali tashkil etilib, o‘quvchilarning tilga bo‘lgan mehrini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bepul kurslar institut binolarida qulay va xavfsiz muhitda o‘tkazilib, yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar berilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tashabbus yosh avlodga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ta’lim va tarbiyasiga e’tiborli yondashish, shuningdek, ertangi kun uchun bilimli va tashabbuskor avlodni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Leave a Reply

Skip to content