
Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etilgan ENGAGE – 2025 xalqaro o‘quv dasturining ikkinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Mazkur bosqich davomida xorijdan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar tomonidan professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar, interaktiv seminarlar va treninglar tashkil etildi. Ta’limning zamonaviy metodlari, innovatsion yondashuvlar hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar barcha ishtirokchilar uchun muhim tajriba maydoniga aylandi.
Dastur yakunida sertifikat topshirish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasi mudiri M.Qosimova ishtirok etdi. U o‘z chiqishida ENGAGE – 2025 dasturining institut ta’lim sifatini oshirishdagi o‘rni, xalqaro tajribaning ahamiyati hamda talaba va ustozlar o‘rtasida uyg‘un muloqot muhitini shakllantirishdagi hissasi haqida to‘xtaldi.
Marosim davomida o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi, xorijiy mutaxassislarga esa institut nomidan Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
ENGAGE – 2025 dasturining ikkinchi bosqichi o‘z mazmuni, samaradorligi va xalqaro tajribaga tayangan yondashuvi bilan ishtirokchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Kurs yakunlangani bilan ta’limga bo‘lgan ishtiyoq, yangi bilim va ko‘nikmalar esa davom etadi. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishi rejalashtirilmoqda.