TALABALAR QALBIGA YO‘L TOPGAN USTOZLAR

Andijon davlat chet tillar institutida pedagoglik mas’uliyatini yurakdan his qilgan fidoyilar haqida

Andijon davlat chet tillar institute

Ingliz filologiyasi o’qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti

Ingliz tili o’qitishning integrallashgan kursi kafedrasi o’qituvchisi

Tadjiboyeva Gulzoda Baxromjon qizi

Bugungi kunda pedagoglik — bu shunchaki kasb emas. Bu — jamiyatni, avlodni, kelajakni shakllantirish mas’uliyati. Andijon davlat chet tillar institutida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ana shu mas’uliyatni yurakdan his qilgan, o‘zining hayotini ta’limga, tarbiyaga bag‘ishlagan insonlardir.

Ustozlik — bu dars o‘tish bilan cheklanib qolmaydi. Ustoz — bu talabani eshitadigan, unga ishonadigan, har qanday holatda yo‘l ko‘rsata oladigan ma’naviy tayanchdir. Institutdagi ko‘plab o‘qituvchilar ana shunday mehrli, bilimli va talabchan murabbiylardir.

Professor-o‘qituvchilar xalqaro darajadagi o‘quv kurslarida ishtirok etishmoqda, o‘z fanlariga oid metodik qo‘llanmalar yaratmoqda, xorijiy universitetlar bilan ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqdalar. Ularning har biri chet tillarini o‘qitishdagi ilg‘or metodlarni izlab topishga, talabalarning til kompetensiyasini oshirishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, yosh kadrlar bilan ishlash, ularni rag‘batlantirish, mustaqil fikrlashga o‘rgatish, ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish borasida institutda ijobiy an’ana shakllangan. Ustozlar darsdan tashqari mashg‘ulotlar, ingliz tilida klub darslari, tanlov va olimpiadalar orqali talabalarning ijodiy salohiyatini ochib berishga astoydil harakat qilmoqdalar.

Bu maskanda faqat dars o‘tilmaydi — bu yerda hayot o‘rgatiladi. Har bir ustoz o‘z hayoti, odobi, mehribonligi, bilimdonligi bilan talabalarga ibrat bo‘la olmoqda. Aynan shuning uchun ham talabalar o‘z ustozlarini sevadi, ularga suyanadi, har so‘zini tinglaydi. Bugun Andijon davlat chet tillar institutining jamoasi ilm-ma’rifat yo‘lida chin dildan xizmat qilayotgan, xalq va Vatan oldidagi burchini halol ado etayotgan, xalqaro maydonga raqobatbardosh kadrlar yetishtirayotgan o‘qituvchilardan iborat. Ularning yuragidagi yurtga muhabbat, ilmga ixlos va yoshlarga bo‘lgan ishonch har qanday maqtovdan ulug‘roq. Zero, ustozlik — bu umr bo‘yi yonib yashash demak.

Leave a Reply

Skip to content