
Bugun – 2025-yil 19-iyun tongida Andijon davlat chet tillari instituti talabalari uchun «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasida tashkil etilgan yozgi o‘quv oromgohida kun har doimgidek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlandi.
Tonggi salqin va musaffo havo bag‘rida bo‘lib o‘tgan jismoniy mashg‘ulotlar oromgoh ishtirokchilariga tetiklik, ijobiy kayfiyat va kun davomida faol bo‘lish uchun kuch-g‘ayrat ulashdi. Badantarbiya mashqlari tajribali sport murabbiyi F.Mirzayev boshchiligida o‘tkazilib, barcha yoshlar uchun sodda va bir vaqtning o‘zida jismoniy faollikni oshiruvchi mashqlar asosida olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida talabalar guruh-guruh bo‘lib saf tortib, sportcha ruhda bajargan mashqlar orqali nafaqat jismonan chiniqishdi, balki bir-birlari bilan do‘stona muhitda vaqt o‘tkazishdi. Turli ritmik harakatlar, umumiy gavda mashqlari va nafas olish texnikalari orqali mashg‘ulot yanada samarali va qiziqarli tus oldi.
Ushbu tonggi badantarbiya mashg‘ulotlari talabalarda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, ularni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirishda muhim qadam bo‘ldi. Maqsad – yoshlar orasida jismoniy faollikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda kunni energiya va ijobiy kayfiyat bilan boshlashga o‘rgatishdir.
Yozgi o‘quv oromgohi davomida har bir tongni badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlash an’anaga aylantirilib, talabalarning sog‘lom va sermazmun hayot tarzi shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.