OROMGOHDA SPORT RUHI UYGʻONDI

Kuni kecha – 2025-yil 17-iyun kuni, tushdan so‘ng Andijon davlat chet tillari instituti talabalari ishtirokidagi yozgi o‘quv oromgohida navbatdagi sport tadbiri – volleybol bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasidagi bellashuvlar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash hamda oromgoh kunlarini yanada sermazmun o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.

Sport musobaqalarida turli guruhlarga bo‘lingan talabalar jamoalari o‘zaro bellashib, har bir zarb, himoya va servisda g‘alabaga bo‘lgan intilishni, jipslik va harakat uyg‘unligini namoyon etdilar. Ayniqsa, o‘zaro raqobatbardosh muhitda o‘tgan o‘yinlar nafaqat sportiy nuqtayi nazardan, balki tomoshaboplik jihatdan ham yuqori saviyada o‘tdi.

Bellashuvlar davomida jamoalar bir-biriga qarshi kurash olib borar ekan, sport etikasi, hurmat, jamoaviy muvofiqlik kabi muhim qadriyatlar ham namoyon bo‘ldi. Talabalar o‘z sport mahoratini ko‘rsatibgina qolmay, sog‘lom raqobat muhitida do‘stona aloqalarni mustahkamlashdi.

Bunday sport tadbirlari nafaqat jismoniy faollikni oshiradi, balki oromgohda sog‘lom raqobat, ijobiy kayfiyat va sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Yozgi oromgoh doirasida boshqa sport yo‘nalishlarida ham musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Leave a Reply

Skip to content