
2025-yil 16-iyun oqshomida Andijon davlat chet tillari instituti talabalarining yozgi o‘quv oromgohida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir institut rahbariyati tashabbusi bilan, talaba-yoshlar uchun unutilmas taassurotlar ulashish maqsadida tashkil etildi.
Ochilish marosimini Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O‘tkirbek Rahmonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida oromgohning yoshlar hayotidagi o‘rni, u yerda o‘tadigan tadbirlarning tarbiyaviy va ijtimoiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u talabalarga mazmunli dam olish, faollik, jamoaviylik va o‘z salohiyatini namoyon etishda muvaffaqiyat tiladi.
Tadbir davomida institutning iste’dodli talabalari hamda taklif etilgan san’atkorlar tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi. Turli kuy-qo‘shiqlar, raqslar va badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. Oromgoh maydonida ijro etilgan ommaviy raqslar esa ishtirokchilarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.
Marosim yakunida rang-barang mushakbozlik namoyish qilinib, kechaga o‘ziga xos yakun yasadi. Osmonga otilgan rangli yoritgichlar va musiqa sadolari ostida talabalar bayramona kayfiyatda kechani yakunladilar.
Mazkur ochilish marosimi yozgi o‘quv oromgohining yuqori saviyada o‘tishini boshlab berdi. Kelgusi kunlarda ham oromgoh doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari, ijodiy kechalar va ijtimoiy loyihalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yoshlarning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.