6

Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakulteti hamda KHISO maktabi hamkorligida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida navbatdagi yirik ilmiy-ma’rifiy tadbir — “KHISO va ARCHIMEDES” olimpiadasi muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Mazkur olimpiada Andijon viloyatining barcha tumanlari umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilib, 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan yuzlab bilimdonlar o‘z intellektual salohiyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Fanlar kesimida o‘tkazilgan ushbu bellashuv maktab o‘quvchilari uchun nafaqat bilimlarini amalda sinash, balki o‘zaro tajriba almashish, yangi do‘stlar orttirish va motivatsiya olish imkonini berdi.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra ishtirokchilarga xalqaro va mahalliy darajadagi diplom, sertifikat hamda medallar tantanali ravishda topshirildi. G‘olib va sovrindorlar alohida e’tirof etilib, ularning bilimga bo‘lgan qiziqishi, intilishi rag‘batlantirildi.
Tadbir doirasida tashkilotchilar tomonidan interaktiv mashg‘ulotlar, psixologik treninglar va motivatsion suhbatlar ham uyushtirildi. Ayniqsa, institut professor-o‘qituvchilari va KHISO maktabi metodistlarining ishtiroki o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Bu kabi olimpiadalar yoshlar orasida ilmga muhabbatni oshirish, ularning tafakkurini charxlash, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va eng muhimi, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“KHISO va ARCHIMEDES” olimpiadasi — bu nafaqat bellashuv, balki kelajak yetakchilari, olimlari va pedagoglari uchun katta imkoniyat maydonidir.