XONOBODLIK OʻQUVCHILAR UCHUN INSTITUT DARSLARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan e’lon qilingan “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan Xonobod shahridagi umumta’lim maktablarida yosh avlodga xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan amaliy tashabbuslar boshlab yuborildi.

Mazkur tashabbus asosida institutning malakali professor-o‘qituvchilari ishtirokida ingliz, rus, koreys, nemis, fransuz va boshqa xorijiy tillar bo‘yicha turli til to‘garaklari tashkil qilinmoqda. Ayni paytda Xonoboddagi bir nechta umumtaʼlim maktablarida muntazam dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular interaktiv usullar, zamonaviy metodikalar va kommunikativ yondashuv asosida olib borilmoqda.

Ushbu to‘garaklarda hozirgacha yuzlab o‘quvchilar qatnashmoqda. Ishtirokchilar nafaqat til o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar, balki xorijiy tilni amalda qo‘llash, ijodiy fikrlash, sahna ko‘rinishlarida ishtirok etish, o‘zaro muloqot va musobaqalarda faol bo‘lish imkoniyatini ham qo‘lga kiritmoqdalar.

Tashkil etilgan mashg‘ulotlar orqali talabalar va o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada ortmoqda. Bu esa kelajakda bilimli, til biladigan, global mehnat bozoriga tayyor yoshlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

“Dolzarb 90 kunlik” doirasidagi bu sa’y-harakatlar Andijon davlat chet tillari institutining ta’limdagi faolligini, yoshlar bilan ishlashdagi mas’uliyatini va hududlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon qilmoqda.

Leave a Reply

Skip to content