
Bugun – 2025-yil 12-iyun kuni Andijon davlat chet tillari institutida institutning koʻngilli, iqtidorli, faol talaba-yoshlaridan iborat “Anis Team” ijtimoiy-ma’naviy tashabbuskor jamoasi tomonidan yoshlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ko‘tarinki ruhdagi seminar muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Seminar davomida jamoa a’zolari ham, yangi qo‘shilgan ishtirokchilar ham o‘zlarining ichki imkoniyatlarini kashf qilish, shaxsiy va jamoaviy rivojlanish sari muhim qadamlar tashlash imkoniga ega bo‘lishdi. Tadbir institutning konferensiya zalida interaktiv mashg‘ulotlar, ma’naviy-ruhiy yo‘naltirilgan suhbatlar, jamoaviy ishlashga oid treninglar va motivatsion sessiyalar tarzida o‘tkazildi.
Seminarning asosiy yo‘nalishlaridan biri — “Qadriyatlar yo‘li” mavzusiga bag‘ishlangan ochilish nutqi bo‘lib, unda insoniylik, ma’naviyat, mas’uliyat va vaqt qadri haqida chuqur falsafiy mulohazalar bildirildi. Rahbar nutqida qadriyatlar zamirida yashiringan ulug‘ haqiqatlar, buyuk tarixiy shaxslar, zamonaviy yetakchilar hayotidan ilhomlantiruvchi misollar orqali yoshlarga hayotiy saboqlar yetkazildi. Ishtirokchilar ushbu nutqni qarsaklar va samimiy hayrat bilan qarshi olishdi. Bundan tashqari institut Oʻquv-uslubiy boshqarmasi boshligʻi S.Toshtonov ham oʻziga xos nutq soʻzlab, har bir ishtirokchiga ilm yoʻlida chekilajak zahmatlarni yengib oʻtishda omad tiladi. Bundan tashqari ushbu harakatlar zamirida institutning hamda har bir talabaning shaxsiy rivojlanishi masalasi yotganini unutmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, kun davomida quyidagi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar tashkil etildi:
Jamoaviy birdamlik: ishonch, mas’uliyat va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan interaktiv o‘yinlar;
Shaxsiy rivojlanish: “Men kimman va kim bo‘lishni istayman?” nomli ichki kashfiyot sessiyasi;
Orzu va maqsadlar xaritasi: har bir ishtirokchi o‘z orzularini qog‘ozga tushirib, uni real maqsadlar bilan bog‘lashga harakat qildi;
Tashabbuskorlik va yetakchilik: amaliy topshiriqlar orqali liderlik ko‘nikmalarini aniqlash mashg‘ulotlari;
Feedback va yakuniy doira: ochiq fikrlar almashinuvi, taassurotlar va kelgusidagi rejalar muhokamasi.
Seminarning har bir daqiqasi nafaqat ma’naviy, balki ruhiy ko‘tarinkilik bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, unda ishtirokchilarning ko‘zlarida porlagan umid, ilhom va ishonch barchani ilhomlantirdi. A’zolar bir-biriga ruhiy ko‘mak, iliq so‘zlar, quvnoq kulgular va qalbdan chiqqan motivatsiyalar ulashdilar.
Tadbir yakunida “Anis Team” rahbari jamoaning har bir a’zosiga chuqur minnatdorchilik bildirib, ushbu seminar jamoaning ichki birligiga, ijtimoiy faolligiga va kelajakdagi yirik tashabbuslari uchun mustahkam zamin bo‘lishini ta’kidladi.
“Biz jamoa emasmiz — biz oila!” degan shior seminar davomida har bir ishtirokchining qalbiga muhr bo‘ldi.