
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2025-yil 1-ochiq stipеndiya tanlovini e’lon qiladi!
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Boshqaruv kengashining 2025-yil 3 iyundagi 1-son qaroriga muvofiq nufuzli yetakchi universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun Jamg‘armaning 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovini e’lon qiladi.
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi uchun jami 450 ta o‘rin ajratilgan.
Xususan,
– bakalavriat – 130 ta o‘rin;
– magistratura – 220 ta o‘rin;
– doktorantura – 100 ta o‘rin.
Nomzodlarga hujjat topshirish jarayonida yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Jamg‘arma tomonidan onlayn platforma (https://el-yurt.uz) ishga tushirildi.
Bugun – 10.06.2025-yil kuni soat 13:30da respublika miqyosida ushbu tanlov yuzasidan onlayn seminar tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu seminarda barcha tashkilot va muassasalarda studiyalar tashkil qilinib, qiziquvchilarga ishtirok etish uchun sharoitlar yaratilmoqda.
Jumladan, Andijon davlat chet tillari instituti Faollar zalida ham seminarni tinglash va ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Sizlarni soat 13:30da boʻlib oʻtadigan ushbu onlayn seminarga taklif etamiz.