KAFEDRADA DAVRA SUHBATI BOʻLIB OʻTDI

Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti Ingliz tilini o‘qitishning integrallashgan kursi kafedrasi tomonidan navbatdagi yig‘ilish tashkil etildi.

Mazkur yig‘ilishda kafedra professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar. Tadbirni kafedra mudiri J.Egamberdiyev ochib berdi va so‘nggi yillarda jahonda, mamlakatimizda, viloyatimiz hamda institutimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy yangiliklar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish, ularni amaliyotda qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, institut rektori D.A.Rustamov tomonidan e’lon qilinayotgan topshiriqlar ijrosini to‘liq bajarish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ommaviy axborot vositalaridan xabardor bo‘lish madaniyatini shakllantirish, ayniqsa mahalliy nashrlar — gazetalarni doimiy o‘qib borish zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida institutimizning rasmiy gazetasi — «ASIFL News» sahifalarida e’lon qilingan yangiliklar keng muhokama qilindi. Ustozlar yosh o‘qituvchilar va talabalarni ko‘proq kitob o‘qishga, jumladan, gazeta va jurnal materiallari bilan tanishib borishga da’vat etdilar. Bunday faoliyat bilim doirasini kengaytirish, nutq madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, katta o‘qituvchi X.Yusupov yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning “Na’matak” asari haqida qisqacha ma’lumot berdi va ushbu asarni o‘qishni tavsiya etdi. Mazkur asarda tasvirlangan g‘oyalar, milliylik va ma’naviylik bilan sug‘orilgan voqealar yoshlarga ibrat bo‘lishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari bu kabi uchrashuvlarning muntazam o‘tkazilishi ilmiy-nazariy bilimlarni boyitishda hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlashda muhim omil ekanini ta’kidlab o‘tishdi.

Leave a Reply

Skip to content