
2025-yil 4-iyun kuni Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakultetida rus adabiy tilining asoschisi, jahon she’riyati durdonalaridan biri — Aleksandr Sergeyevich Pushkinning 226 yilligiga bag‘ishlangan “She’riyat va ma’naviyat oqshomi” tashkil etildi.
Tadbirda Rus tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari, fakultetning 1-, 2-, va 3-kurs talabalari, shuningdek, Rus madaniyati markazi a’zolari faol ishtirok etdilar.
Tadbirni kafedra mudiri F.Rustamova ochib berdi va A.S.Pushkinning rus va jahon adabiyotidagi o‘rni, uning ijodiy merosi va til taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
She’riyat kechasining diqqatga sazovor jihatlaridan biri bo‘lgan N.Madyarova tomonidan taqdim etilgan “A.S.Pushkin hayoti va ijodi” mavzusidagi ma’ruza ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzada Pushkinning hayotiga oid tarixiy faktlar, adabiy tahlillar va uning she’riyatidagi ma’naviy qatlamlar keng yoritildi.
Shuningdek, talabalar ishtirokida 6 ta jamoa o‘rtasida o‘tkazilgan viktorina va ijodiy topshiriqlarga boy tanlovlar tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Tanlov natijalariga ko‘ra 1, 2 va 3-o‘rin egalari aniqlanib, g‘olib va faol ishtirokchilar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ushbu adabiy kecha talabalarda buyuk shoirning adabiy merosiga bo‘lgan qiziqishni oshirib, rus tili va madaniyatini chuqurroq anglashlariga xizmat qildi.