
2025-yil 2-iyun kuni Andijon davlat chet tillari institutida talaba-yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish, ularni zamonaviy raqamli tahdidlar va xatarlar haqida xabardor qilish maqsadida muhim uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda institut profilaktika katta inspektori tashabbusi bilan tashkil etilib, uni bo‘lim uslubchisi M.Saliyeva olib bordi. Uchrashuv davomida ishtirokchilarga kiberjinoyatchilikning zamonaviy shakllari, ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalashning ahamiyati va internetdan ongli foydalanish bo‘yicha keng qamrovli tushunchalar berildi.
Tadbirda soha bo‘yicha malakali mutaxassislar, jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, kapitan M.Mirabdullaev;
Andijon viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i S.Muxamedjanov kabi mutaxassislar ishtirok etib, o‘z sohalarida to‘plagan tajribalari asosida yoshlarga real hayotdagi misollar orqali kiberxavfsizlikning dolzarbligi, internetda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish usullari, yoshlar orasida uchrayotgan kiberjinoyatlar statistikasi va ularning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Shuningdek, tadbirda institut ma’muriyati vakillari:
Institut o‘quv-uslubiy ishlar boshqarmasi boshlig‘i S.Toshtanov;
Profilaktika katta inspektori, kapitan B.Xodjaevlar ham ishtirok etib, yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, internet madaniyatini rivojlantirish, kiberxavfsizlikka oid ogohlikni kuchaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berishdi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi hamda kiberxavfsizlikka oid foydali ma’lumot va tavsiyalar bilan boyitilgan risolalar tarqatildi.
Uchrashuv talabalarda kiberxavfsizlik bo‘yicha chuqur tushuncha shakllanishiga, ularning raqamli muhitdagi xatti-harakatlarida hushyorlik va mas’uliyatni oshirishga xizmat qildi.