

2025-yilning 31-may kuni Andijon davlat chet tillari instituti qayta tashkil etilganligining 3 yilligi munosabati bilan Andijon shahridagi muhtasham «Universal» sport majmuasida katta tantanali shou tadbiri tashkil etildi. Bayramona kayfiyatda o‘tgan ushbu voqea institut jamoasi, talabalar va butun Andijon sport jamoatchiligi uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
🔴Tadbir doirasida fevral oyida boshlangan mini-futbol sport turi bo‘yicha o’tkazilgan «ASIFL LEAGUE-2025» muntazam chempionatining hal qiluvchi so‘nggi 2 uchrashuvi o‘tkazildi. Ushbu bahslar final maqomida bo‘lib, g‘oliblik taqdirini belgilab berdi. O‘yinlar yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, har bir daqiqa murosasiz kurashlarga boy o‘tdi.
Uchrashuvlarni sharhlab borish uchun maxsus taklif etilgan taniqli sport sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev o‘zining yorqin chiqishlari, jonli tahlil va hayajonli fikrlari bilan o‘yinlarga alohida zavq bag‘ishladi.
Bayramona ruhni yanada yuksaltirish maqsadida institutning sodiq tarafdorlari – “Ultras Burgutlar” fan klubi ham tadbirga jalb qilindi. Ular o‘zlarining turli shiorlari, do‘mbira va nog‘oralar bilan sahnani larzaga solgan shiddatli chiqishlari orqali futbolchilarni ruhlantirishda, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashishda muhim rol o‘ynadi.
Shuningdek, bayram shousining musiqiy qismi ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Mashhur DJ — DJ Endigo tomonidan ijro etilgan zamonaviy va jo‘shqin musiqalar sport va madaniyat uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi. Uning chiqishlari davomidagi yorug‘lik effektlari va ritmik ohanglar sport majmuasida haqiqiy bayramona muhit yaratdi.