

2025-yil 29-may kuni Andijon davlat chet tillari institutida “Maʼrifat karvoni” dasturi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yangi renessans poydevori” mavzusida ilmiy-maʼrifiy forum tashkil etildi. Mazkur tadbir institutda yoshlar bilan ishlash, ularning dunyoqarashini kengaytirish va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Forumni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Jahongir Siddikov ochib berdi. U o‘z nutqida Yangi O‘zbekiston g‘oyasining mazmun-mohiyati, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ikkinchi Renessans tamoyillari hamda yoshlarning bu jarayondagi hal qiluvchi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda ilmiy va diniy sohaning yetuk vakillari mehmon sifatida ishtirok etishdi. Xususan:
A.G‘ofurov – Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi;
M.Erkayev – Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent islom universiteti dotsenti;
N.Kashkaboyeva – Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
Mehmonlar o‘z ma’ruzalari orqali islom tamadduni, uning ilm-fan, adabiyot va ma’naviyat rivojidagi o‘rni, buyuk allomalar merosi, hamda bugungi kunda yoshlarning bu merosni o‘rganish va targ‘ib qilishdagi mas’uliyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir davomida talabalarga boy tariximiz, o‘zlikni anglash, ilmga bo‘lgan intilish va sog‘lom dunyoqarash asosida hayot kechirish haqida chuqur ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarning faol muloqotlari, savol-javoblar va ochiq fikrlar forumning interaktiv ruhda o‘tishini ta’minladi.
Shuningdek, forum doirasida ishtirokchilar o‘zlarining ilmiy qiziqishlari va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar, bu esa ular uchun nafaqat ma’lumot olish, balki o‘z fikrini erkin ifodalash imkonini yaratdi.
Mazkur tadbir institut yoshlariga nafaqat ma’naviy-ma’rifiy saboqlar, balki mustahkam ruhiy va ma’naviy tayanch bo‘la oldi.