

Andijon davlat chet tillari instituti bilan QS xalqaro reytingida TOP-500 talikdan joy olgan Tojikistonning Dushanbe shahridagi Xalqaro turizm va tadbirkorlik universiteti o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohalarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilarni ilmiy stajirovkalarga yuborish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, ilmiy maqolalarni hammualliflikda chop etish, shuningdek, talabalar akademik almashinuvi kabi ko‘plab istiqbolli tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Mazkur aloqalarni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Tojikiston olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida, Tojikiston tomoni tashabbusi va rasmiy murojaatiga asosan, 2025-yil 20-may kuni Andijon davlat chet tillari institutining professor-o‘qituvchilari va doktorantlaridan iborat delegatsiya Dushanbe shahriga jo‘nab ketgan edilar.
Delegatsiya qisqa muddatli xalqaro konferensiya–forumda ishtirok etib, ilmiy-ta’limiy sohalarda qo‘shma loyihalarni muhokama qildi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surdi.