
Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti tyutori Sh.Komilov boshchiligida bir guruh talabalar Namangan viloyatining Chust tumanida joylashgan “Mavlono Lutfulloh maqbarasi” ziyoratgohiga tashrif buyurdilar.
Ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Ichki turizmni rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–465-sonli qaroriga muvofiq ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarning tarixiy-ma’naviy merosimizga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida talabalar Mavlono Lutfulloh hazratlarining hayoti, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda ushbu muqaddas maskanning tarixiy ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ziyorat davomida talabalarga Namangan viloyatining boy madaniy merosi, qadimiy obidalari va zamonaviy rivojlanish sur’atlari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Mazkur tashrif talabalarda o‘z yurtining tarixiy obidalari va buyuk siymolari bilan faxrlanish, ularning hayot yo‘lidan saboq olish, milliy g‘urur va ma’naviy ongni oshirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida talabalar o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashib, bunday ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar tez-tez uyushtirilishini istashlarini bildirdilar.