
Bugun Andijon davlat chet tillari institutining Ingliz filologiyasi, oʻqitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti hamda institut huzuridagi «Besh muhim tashabbus markazi» hamkorligida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning oshpazlik mahoratini namoyon etish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlash maqsadida «Besh tashabbus bahori» festivali doirasida osh tayyorlash tanlovi tashkil etildi.
Tadbirni fakultet dekani A.Ataboyev, markaz rahbari S.Noʻmojonovlar ochib berdilar. Unda fakultetning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talaba-qizlar jamoalarga bo‘lingan holda milliy taom – osh tayyorlash bo‘yicha bellashdilar. Har bir jamoa o‘ziga xos uslubda, o‘ziga tegishli maxsus retsept asosida osh tayyorlashga harakat qildi. Qizlar nafaqat taom tayyorlashdagi mahoratini, balki jamoaviy ishlash, gigiyena qoidalariga amal qilish va bezak berish borasidagi kreativ yondashuvlarini ham namoyish etdilar.
Tadbir davomida yigitlar o‘t yoqish, suv tashish, joy tayyorlash kabi tashkiliy va texnik ishlar bilan faol shug‘ullandilar. Ularning yordami tanlovning silliq va xavfsiz o‘tishini ta’minladi.
Bellashuv yakunida hay’at a’zolari tomonidan tayyorlangan oshlar ta’mi, ko‘rinishi va gigiyenaga rioya etish mezonlari asosida baholandi.
Ushbu tanlov nafaqat talabalarning ijodkorlik va mahoratini oshirishga, balki ular orasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qildi. «Besh tashabbus bahori» festivali doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlarning har tomonlama kamol topishiga xizmat qilmoqda.