YOSHLARNI KELAJAK SARI YETAKLOVCHI TASHABBUS – ENGAGE 2025

2025-yilning bahoriy may oyida Andijon davlat chet tillari instituti yana bir tarixiy haftani boshdan kechirdi. Joriy yilning 15-mayidan 21-mayiga qadar institutimiz Amerika Qo‘shma Shtatlaridan tashrif buyurgan nufuzli ingliz tili o‘qituvchilarini mehmon qildi. Bu tashrif xalqaro tashabbus — Engage 2025 doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, nafaqat ilmiy va metodik tajriba almashinuvi, balki chinakam do‘stlik va madaniy aloqalarning ramziga aylandi.

Engage 2025 — bu global miqyosdagi ta’limiy tashabbus bo‘lib, u yoshlarda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, madaniy almashinuv, ekologik barqarorlik va ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Institutimiz ushbu tashabbusning faol ishtirokchisiga aylanganini faxr bilan ta’kidlash mumkin.

Amerikalik mehmonlar — Friese Roselani Espanto, Gracia Elizabeth Lynn, Lynn Harris Davis, Asher Guerrant Johnson, Elizabeth Denise Prudhomme, Mabry Michelle Steele, Kenzie Jean Tenpas va Blake Riley lar — institut eshigidan kirib kelgan ilk daqiqalardanoq xalqimizga xos mehmondo‘stlik bilan kutib olindi.

Tashrif davomida institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori  M.Kurbanov, Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti dekani A.Ataboyev, Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasi  mudiri M.Qosimova hamda professor-o‘qituvchilar jamoasi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, xalqaro hamkorlik va institutdagi ta’lim jarayonlari haqida fikr almashildi.

Shuningdek, Asher Guerrant Johnson talabalarga “Creative Speaking Techniques” mavzusida ochiq dars o‘tkazdi. Uning interaktiv yondashuvi talabalar faoliyatiga kuchli turtki berdi. Mabry Michelle Steele ingliz tilida akademik yozuv bo‘yicha seminar tashkil etib, institutimizdagi ta’lim imkoniyatlarini yuqori baholadi. U shunday dedi:

“Sizlarning ta’limga bo‘lgan ishtiyoqingiz va o‘z tilingizga bo‘lgan hurmatingiz meni juda ta’sirlantirdi. Andijon davlat chet tillari instituti — bu nafaqat bilim maskani, balki madaniyatlar uchrashadigan maydondir.”

Bundan tashqari, Lynn Harris Davis AQShda ta’lim olish imkoniyatlari, stipendiya dasturlari hamda ingliz tilini o‘rganishda madaniy komponentlarning ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Tashrif davomida mehmonlar uchun Xonobod shahriga madaniy sayohat uyushtirildi. Ular Shaxrixonsoy bo‘yida dam olish maskanlarida bo‘lishdi, milliy taomlar — somsa, palov, manti va shirinliklardan tatib ko‘rib, mahalliy aholi bilan iliq suhbatlar qurishdi. Gracia Elizabeth Lynn bu sayohatni quyidagicha ta’rifladi:

“Xonobod — bu tabiat va insoniyat uyg‘unligining tirik namunasidir. Tabiatning go‘zalligi, odamlarning iliqligi va samimiyligi meni lol qoldirdi. Bu sayohat hayotimdagi unutilmas sahifaga aylandi.”

Xulosa qilib aytganda, 15-maydan 21-maygacha davom etgan ushbu tashrif “Engage 2025” tashabbusi ruhida tashkil etilgan chinakam xalqaro muloqot namunasi bo‘ldi. Bu nafaqat ingliz tilini o‘rganish, balki o‘z milliy qadriyatlarimizni faxr bilan namoyish qilish, madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Amerikalik mehmonlar institutimiz haqida iliq fikrlar bildirib, kelgusida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Bu tashrif Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro ta’lim maydonidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

 

Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot

va tarjimashunoslik kafedrasi

o‘qituvchisi Azimjon Axmedov

Leave a Reply

Skip to content