FAN VA INNOVATSIYA – TARAQQIYOT YOʻLI

2025-yil 21-may kuni Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakultetida muhim ilmiy voqea – “Fargʻona vodiysi viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti: fan va innovatsion loyihalarning amaliy tadbiqi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir «Ijtimoiy gumanitar fanlar, pedagogika va psixologiya» hamda «Nemis tili nazariyasi va amaliyoti» kafedralari tomonidan tashkil etildi.

Anjumanni institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.A.Kurbanov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Fargʻona vodiysi hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan va innovatsiyaning tutgan o‘rni, shuningdek, yosh olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va amaliyotchilarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Tadbirda yurtimizning turli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda amaliy faoliyat yuritayotgan tashkilotlar vakillari, hududdagi korxona, tashkilot va xo’jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ma’ruzachilar tomonidan Farg‘ona vodiysi viloyatlarida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, ta’lim, tibbiyot, transport va kommunikatsiya infratuzilmasidagi yangilanishlar haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjumanda, shuningdek, zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion texnologiyalarni hududiy rivojlanish loyihalariga tatbiq etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham ilgari surildi. Yosh tadqiqotchilar o‘zlarining ilmiy ishlari va loyihalari bilan ishtirok etib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbir yakunida eng dolzarb mavzular yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib, kelgusida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qaror va tavsiyalar ishlab chiqildi. Anjuman barcha ishtirokchilar uchun foydali tajriba makoni bo‘ldi hamda ilmiy izlanishlarning amaliyot bilan uyg‘unligini yana bir bor tasdiqladi.

Leave a Reply

Skip to content