
Portsmouth universiteti bilan hamkorlik: professor-o‘qituvchilar uchun treninglar, talabalar uchun Guest Lecturelar tashkil etiladi
O‘zbekiston – Buyuk Britaniya ta’lim forumi doirasida Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Portsmouth universiteti bilan hamkorlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida institut delegatsiyasi vakillari rektor D.A.Rustamov boshchiligida Portsmouth universitetining Global Engagement bo‘limi rahbari Dr Jacqueline Priego Hernandez bilan muzokaralar olib bordilar. Muloqot chog‘ida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning malakasini takomillashtirish va talabalar bilimini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi.
Xususan, institut professor-o‘qituvchilari uchun zamonaviy va ilg‘or metodikalarni o‘rganishga yo‘naltirilgan trening dasturlarini tashkil etish, talabalar uchun esa zamonaviy ingliz tilini chuqur o‘rganishga qaratilgan Guest Lecture(taklif etilgan mehmon ma’ruzalar)larni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tashabbus Andijon davlat chet tillari instituti o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, talabalarga esa xorijiy ekspertlar ishtirokida interaktiv va amaliy mashg‘ulotlar orqali chuqurlashtirilgan til ta’limini taqdim etish imkonini yaratadi.
Kelgusida bu hamkorlik doirasida ikki tomonlama akademik tashriflar, onlayn va oflayn ma’ruzalar, metodik seminarlar hamda madaniy-ta’limiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv natijalari Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro ta’lim maydonida faol ishtirokini kuchaytirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish va institut jamoasining global bilim muhitiga uyg‘unlashuvi yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.