ILMIY INTEGRATSIYA – RIVOJ SARI

Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya taʼlim forumi doirasida muhim kelishuvlarga erishdi

2025-yil 15–16-may kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjumanda Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi tarkibida institut rektori D.A.Rustamov hamda Ingliz tili amaliyoti kafedrasi mudiri M.Gʻ.Xoshimovlar ishtirok etdilar.

Forum doirasida institut delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Muloqotlar asosan xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy va innovatsion pedagogik metodikalarni ta’lim jarayoniga joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi akademik hamda ilmiy imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati va akademik almashinuv yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Uchrashuvlar yakunida qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning xalqaro miqyosda tan olingan til ta’limi muassasalaridan biri — Norwich Institute for Language Education (NILE) bilan institut talabalari uchun CELTA (Certificate in English Language Teaching to Adults) kurslarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Muzokatalar natijasida mazkur kurslarni Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida: CELTA — ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish bo‘yicha xalqaro e’tirof etilgan va dunyo miqyosida tan olingan o‘qituvchilik malaka kursi hisoblanadi. Ushbu hamkorlik natijasida institut talabalari amaliy til o‘qituvchisi sifatida zamonaviy va xalqaro standartlarga mos bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish maqsadida institut delegatsiyasi NILE direktori janob Thom Kiddle bilan bevosita uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur tashrif va imzolangan kelishuvlar Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro aloqalarini mustahkamlash, ta’lim sifatini yanada oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish va institutni global akademik makonda munosib o‘ringa chiqish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Leave a Reply

Skip to content