

Andijon davlat chet tillari institutining bir guruh iqtidorli doktorantlari yakunlanayotgan hafta davomida Qirgʻiziston Respublikasining yetakchi oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-stajirovka o‘tadilar. Ushbu tashrif institutning xalqaro ilmiy aloqalarini yanada mustahkamlash, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Stajirovka doirasida doktorantlar bir qancha universitetlarda bo‘lib, u yerdagi professor-o‘qituvchilar bilan tajriba almashdilar, ma’ruzalar tingladilar hamda ilmiy seminarlarda faol ishtirok etdilar. Shuningdek, ular o‘zlarining dissertatsiya mavzulari yuzasidan maslahatlarga ega bo‘lib, xorijiy ilmiy manbalar bilan ishlash malakalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur ilmiy-stajirovka yosh tadqiqotchilar uchun nafaqat ilmiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, balki xalqaro hamkorlik doirasida yangi loyihalar ustida ishlash uchun zamin yaratdi. Doktorantlar o‘z taassurotlarida Qirgʻiziston oliy o‘quv yurtlaridagi ilmiy muhit, ilmiy maktablar faoliyati hamda zamonaviy kutubxona resurslaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ijobiy fikr bildirdilar.
Ushbu tashrif Andijon davlat chet tillari instituti va Qirgʻizistonning oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan birga, doktorantlarning mustaqil izlanish faoliyatiga kuchli turtki bo‘ldi.