

Institutimizning Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam aloqalari mavjud. 2025-yilning 15–16 may kunlari London shahrida Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur forum doirasida men va Ingliz tili amaliyoti kafedrasi mudiri M.G.Xoshimov ishtirok etdik va ko‘plab univeristetlar bilan birga uchrashuvlar o‘tkazdik.
Xususan, forumning dastlabki kunida Norwich Institute for Language Education (NILE) bilan uchrashuv alohida ahamiyat kasb etdi. CELTA kurslarini o‘z institutimizda tashkil qilish g‘oyasi avvaliga orzudek tuyulgan bo‘lsa-da, NILE direktori Thom Kiddle bilan samimiy suhbatimiz natijasida bu orzu endi reallikka aylanish arafasida. CELTA – xalqaro darajadagi o‘qituvchilik malakasini beruvchi dastur, bizning yoshlarimiz uchun katta eshiklarni ochadi.
Leeds universiteti bilan esa ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalar ustida ishlash va ularning natijalarini xalqaro konferensiyalarda e’lon qilish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilandi. Bu borada Ta’lim instituti professori Diane Pecorari bilan suhbat olib borildi. Suhbatimiz davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qildik.