

Andijon davlat chet tillari instituti rahbariyati hamda institut Kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan institutda faoliyat yuritayotgan rahbar va ishchi xodimlar, professor-oʻqituvchilar hamda jamoa aʼzolarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiluvchi maxsus madaniy hordiq dasturi ishlab chiqildi.
Mazkur dastur institut rahbariyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan kelishilgan holda joriy etilgan bo‘lib, unda barcha fakultet va bo‘limlar kesimida xodimlarning tabiat qo‘ynida dam olishi, madaniy-maʼrifiy maskanlarga sayohatlar uyushtirilishi, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarida ishtirok etishi kabi qator faoliyatlar ko‘zda tutilgan.
Ushbu reja asosida Roman-german va slavyan tillari fakulteti jamoasi fakultet dekani M.Pazilov rahbarligida ushbu tashabbus doirasida tashkillashtirilgan hordiq tadbirida ishtirok etib, maroqli dam olib qaytishdi. Fakultet jamoasi uchun tashkil etilgan sayohat davomida sog‘lomlashtiruvchi mashg‘ulotlar, tabiat bilan uyg‘unlikda hordiq chiqarish, jamoaviy o‘yinlar va erkin muloqot uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Ushbu tashabbus institutda sog‘lom muhitni mustahkamlash, xodimlar o‘rtasidagi jamoaviylikni kuchaytirish hamda ular faoliyatiga ijobiy ruh bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.