

2025-yil 15-may kuni Andijon davlat chet tillari institutining Roman-german va slavyan tillari fakulteti Rus tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan 15-may – Xalqaro Oila kuni munosabati bilan “Oila – muqaddas dargoh” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir institutning Talabalar turar joyida o‘tkazildi.
Tadbirda institut rektorining Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Z.Kobilova, professor-o‘qituvchilar, faxriy mehmonlar, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari hamda talabalar ishtirok etdilar. Dastlab, tadbir Z.Kobilova tomonidan ochiq deb e’lon qilinib, unda oila institutining jamiyatdagi o‘rni, uning mustahkamligi va barqaror rivojlanishdagi tutgan o‘rni yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida quyidagi ma’ruzalar tinglandi:
“Oila – jamiyatning mustahkam poydevori” mavzusida X.Jurabekova – Andijon davlat chet tillari instituti dotsenti;
“Oila – ma’naviyat beshigi” mavzusida M.Memanova – “Nuroniy” jamg‘armasi vakili;
“Talabalar ma’naviyati haqida” mavzusida T.Mamasultonova – institutning katta o‘qituvchisi;
“Kitob – tarbiya manbai” mavzusida M.Xoshimova – “Buvijonlar maktabi” a’zosi.
Mazkur ma’ruzalar orqali ishtirokchilarga oilaning barkamol avlod tarbiyasidagi o‘rni, ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashdagi ahamiyati hamda kitobxonlik madaniyatining tarbiyaviy jihatlari keng yoritib berildi.
Shuningdek, tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan she’riy chiqishlar, musiqiy raqamlar va sahna ko‘rinishlari barchaga katta taassurot qoldirdi hamda tadbirga alohida fayz bag‘ishladi.
Tadbir yakunida mehmonlar va ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi, shuningdek, savol-javoblar tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarda oilaviy qadriyatlarga hurmat bilan yondashish, ota-onaga ehtirom ruhini singdirish, o‘zlikni anglash va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.