
Bugun – 16.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutining 20 nafar iqtidorli doktoranti Qirgʻiziston Respublikasiga ilmiy stajirovka oʻtash uchun yuborildi. Ushbu tashrif institutda ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yosh tadqiqotchilarning malakasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Doktorantlarni stajirovkaga kuzatish marosimi tashkil etildi. Tadbirda institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.A.Kurbanov hamda boshqa mas’ul rahbar va professor-oʻqituvchilar ishtirok etdilar.
Marosim davomida prorektor M.A.Kurbanov doktorantlarni muhim ilmiy safarga kuzatar ekan, ularga ilmiy izlanishlar jarayonida faol bo‘lish, mezbon oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish, o‘z dissertatsiya mavzulari bo‘yicha ma’lumot va ilmiy yangiliklarni chuqur oʻrganish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, u stajirovka davomida xalqaro ilmiy bazalar bilan ishlash, xorijiy til amaliyotini mustahkamlash hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirishga doir qimmatli tavsiyalar berdi.
Mazkur ilmiy stajirovka doirasida doktorantlar Qirgʻizistonning nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirish, ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishish, konferensiya va seminar-treninglarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Shuningdek, bu tashrif yosh olimlar uchun faqat nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish emas, balki chet mamlakatlar ilmiy muhitini yaqindan oʻrganish, yangi gʻoyalar bilan tanishish va kelgusida xalqaro miqyosda ilmiy faoliyat yuritish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Andijon davlat chet tillari instituti rahbariyati tomonidan bu kabi tashabbuslar muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Institut yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va xalqaro tajribalarni o‘rganish uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.