

2025-yil 14-may kuni Andijon davlat chet tillari institutida talabalar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning madaniy-estetik dunyoqarashini kengaytirish maqsadida navbatdagi ijodiy uchrashuv va konsert dasturi tashkil etildi. Mazkur tadbir institut rahbariyati, ayniqsa, “Ibrat” teatr studiyasi rahbari, rejissor Xayrullo Joʻraboyevning tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Ashula va raqs ansambli ijodkorlari ansambl rahbari Uchqun Tillayev boshchiligida institut talabalari bilan ochiq muloqot olib borib, san’at va ma’naviyat, yoshlar tarbiyasi hamda ijtimoiy mas’uliyat haqida o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbir davomida ansambl a’zolari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va teatr sahnalashtirmalari ijro etilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Konsert dasturida o‘zbek milliy musiqasi va raqs san’atining betakror namunalari, shuningdek, vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar talaba-yoshlar tomonidan iliq kutib olindi.
Tadbir yakunida institut rahbariyati va talabalar nomidan Yoshlar masalalari va maʼnaviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor J.Siddikov ansambl jamoasiga chuqur minnatdorlik bildirib, bu kabi madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.