

Oʻtgan hafta davomida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Frankafon teatr festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur festival fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilish, shuningdek, talabalarning sahna ijodkorligi va til bilimlarini namoyish etish maqsadida har yili o‘tkaziladi.
Bu yilgi festivalda respublikamizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari qatorida Andijon davlat chet tillari instituti jamoasi ham faol ishtirok etdi. Institut vakillari sahnalashtirgan asar yuqori darajadagi aktyorlik mahorati, fransuz tilini puxta egallagani hamda sahna bezaklari va rejissorlik yondashuvi bilan tomoshabinlar va hakamlar hay’atining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Natijada, institut jamoasi «Hakamlarning maxsus Molyer sovrini» nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu sovrin, fransuz dramaturgiyasi asoschisi Molyer ijodiga hurmat ifodasi sifatida festival doirasida eng original va professional chiqishga ega jamoaga taqdim etiladi.
Festival yakunida g‘oliblar Fransiya elchixonasi tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Mazkur yutuq Andijon davlat chet tillari instituti talabalari va pedagoglarining o‘z ustida tinimsiz ishlayotganini, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini yaqqol namoyon etadi. Institut rahbariyati va ijodiy jamoa ushbu muvaffaqiyatni kelgusida xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ham munosib davom ettirish niyatida.