ILMIY STAJIROVKA YO’LIDA – ANGLIYAGA

Bugun – 10.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutining ta’lim va ilm-fan sohasining istiqbolli rivoji yo‘lida navbatdagi muhim qadam qo‘yildi. Institutimiz professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilaridan iborat guruh Buyuk Britaniyaga ilmiy stajirovka uchun jo‘nab ketmoqda. Mazkur tashrif xorijiy tajriba almashish, ilg‘or ta’lim metodologiyalarini o‘rganish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 Ular Angliyaning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘rganadilar. Bu, nafaqat, ularning shaxsiy rivojlanishi, balki institutimiz ta’lim sifati va ilmiy salohiyatining yuksalishida ham muhim o‘rin tutadi.

 Safar oldidan institut rektori D.A.Rustamov ularni samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirib, ushbu safar ularning faoliyati uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.

 Ilm – taraqqiyot poydevori. Xalqaro stajirovkalar esa bu poydevorni mustahkamlovchi muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu tashabbus institutimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, o‘qituvchilarning ilmiy faolligini rag‘batlantirish va zamonaviy bilimlarni yurtimizga olib kirish yo‘lida muhim qadamlardan biridir.

 Ularga safar barakali, ilmiy izlanishlari samarali, ortga qaytish esa yuksak natijalar bilan bo‘lishini tilaymiz.

 Yurtimiz ilm-fanining yorqin kelajagi uchun birgalikda harakatdamiz!

Leave a Reply

Skip to content