

Hozirgi kunda Andijon davlat chet tillari instituti «Besh muhim tashabbus markazi» tomonidan talaba-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kasb-hunar o‘rganishlariga ko‘maklashish maqsadida turli to‘garaklar tashkil etilmoqda. Shulardan biri bo‘lgan “Chevarchilik” to‘garagi ko‘plab talaba-qizlar hayotida muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Ushbu to‘garak orqali qizlar kiyim tikish, mato tanlash, naqsh solish, zamonaviy model yaratish kabi amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning nafaqat kasb-hunar o‘zlashtirishiga, balki mustaqil daromad topish imkoniyatlariga ham yo‘l ochadi. Chevarchilik san’atining nozik jihatlarini o‘rganish orqali qizlar ijodiy tafakkur, did, sabr-toqat va estetik qarashlarni rivojlantiradilar.
Shuningdek, to‘garak mashg‘ulotlari davomida o‘zaro do‘stona muhit shakllanadi, ijtimoiy faollik oshadi va o‘ziga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi. Ko‘plab ishtirokchilar turli tanlov va ko‘rgazmalarda qatnashib, yutuqlarga erishmoqdalar. Bu esa ularning hayotiy yo‘l tanlashida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
(Fotolavhalarda kuni kecha bo’lib o’tgan to’garak mashg’ulotlari aks etgan).