TALABALAR UCHUN MAHORAT DARSI TASHKIL QILINDI

Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti Turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishi talabalari uchun navbatdagi amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi B.Umaraliyeva boshchiligida tashkil etilib, talabalar Bog‘ishamol mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda Oshpazlar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Umumiy ovqatlanishni tashkil etish va boshqarish” yo‘nalishidagi mahorat darslarida faol ishtirok etdilar.

Darslar davomida talabalar umumiy ovqatlanish tizimidagi zamonaviy yondashuvlar, xizmat ko‘rsatish madaniyati, boshqaruv jarayonlari va oshpazlik sir-asrorlari bilan yaqindan tanishdilar. Sohadagi yetuk mutaxassislar ishtirokida o‘tgan ushbu mahorat mashg‘ulotlari talabalar uchun katta amaliy tajriba maktabiga aylandi.

Tadbir yakunida Turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishi talabalari Turizm qo‘mitasi hamda Oshpazlar uyushmasi tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bu esa talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

Leave a Reply

Skip to content