

Vatanparvarlik — bu insonning o‘z vatani, tupi va millati uchun cheksiz mehr va sadoqat bilan xizmat qilishidir. Vatanparvar inson o‘z yurtining tinchligi, ravnaqi va taraqqiyoti uchun doimo harakatda bo‘ladi. U o‘z yurtining tarixini, qadriyatlarini biladi va uni asrab-avaylashni o‘zining muqaddas burchi deb biladi. Haqiqiy vatanparvarlik — bu faqat og‘izda emas, balki amalda, yaxshi o‘qish, yurtga foydali inson bo‘lish, yurtni ardoqlash bilan namoyon bo‘ladi. Zero, har bir yurt farzandi o‘z vatanini sevib, uni madh etishi va asrab-avaylashi shart. Chunki vatan — bu inson uchun eng aziz maskan, ona bag‘riday mehribon joydir.
🇺🇿Bugun – 07.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi 14014-harbiy qismda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan «Amir Temur vorislari» harbiy-sport spartakiadasi tashkil qilindi.
Institut rektorining Yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi I.Abdulxamidov tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu spartakiadaning ochilish marosimida institut rektori maslahatchisi M.Isroilov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektor J.Siddikov, Matbuot xizmati rahbari A.Yunusov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi xodimlari, fakultet dekanlarining Yoshlar bilan ishlash bo’yicha o’rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida mas’ullar tomonidan ushbu tadbirni tashkil qilishdan ko’zlangan maqsad xususida fikrlar bildirilib, harbiy qismda askarlar safida o’tkaziladigan ushbu bir kun ularning hayotida alohida ahamiyat kasb etishi, kelajakda yurt xizmatida turishda o’ziga xos ishtiyoq paydo qilishi haqida ta’kidlab o’tdilar.
Shundan so’ng talabalar 12 ta guruhga bo’linib, 6 ta shart asosida bellashdilar. Tushlikni ham askarlar qatori qilgan tadbir ishtirokchilari uchun harbiylar tomonidan madaniy tadbir tashkil etildi. Yakunda g’olib va sovrindorlarga diplomlar hamda qimmatbaho esdalik sovg’alari topshirildi.