

Bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari tomonidan rivojlangan davlatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijon davlat chet tillar instituti ham xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni tadbiq etish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish borasida bir qator samarali tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Mazkur maqsadlar doirasida Andijon davlat chet tillar instituti dotsenti, institut rektorining Xalqaro loyihalar bilan ishlash va strategik rivojlanish masalalari bo’yicha maslahatchisi Gulchexra Raxmanova xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba va bilim almashish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish maqsadida xizmat safari bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Virginia Hamdo‘stlik Universitetida bo‘lib turibdi.
G.Raxmanova xizmat safari doirasida Virginia Hamdo‘stlik Universitetida “O‘zbekiston: Til va meros orqali madaniyatlarni bog‘lovchi ko‘prik” mavzusida madaniyat kechasi va ma’ruza mashg‘ulotini o‘tkazdi. Tadbir davomida u o‘zbek tili, uning boy madaniy merosi va xalqimizning urf-odatlari haqida mahalliy talabalarga atroflicha ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, xizmat safari davomida Andijon davlat chet tillar instituti vakillari Virginia Hamdo‘stlik Universiteti rahbariyati bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida kelgusidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va madaniy almashuv yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan bir qator rejalar belgilandi.
G.Raxmonovaning ma’ruzasi mutasaddilar tomonidan yuqori baholandi va maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.